Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) poytaxtida oʻtayotgan «Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi» sammitida nutq soʻzladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari oʻz nutqida BAA Oʻzbekistonning «yashil» energetika sohasidagi ishonchli va strategik hamkori ekanini ta’kidladi.
«Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil» energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir. Soʻnggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli $26 milliarddan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv boʻlmoqda”, – deya ta’kidladi Mirziyoyev.
Shuningdek, sammit tashkilotchisi – Masdar kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt boʻlgan 5 ta elektr energiya obyektini ishga tushirilgani, yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etilishi aytildi.
Prezident Markaziy Osiyoni «yashil» iqtisodiyot va toza energiya markazlaridan biriga aylantirishga tayyorligini bildirdi. Misol tariqasida u Ozarbayjon va Qozogʻiston bilan Yevropa Ittifoqiga elektr energiyasi yetkazib berish boʻyicha kelishuvni keltirdi.
Shu bilan birga, yetakchi ilmiy markazlar va olimlarni Toshkentda ochilgan «Yashil» universitet bilan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya dasturlarini yoʻlga qoʻyishda faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
«Mazkur Universitet negizida Yer degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmogʻini yaratishni taklif etmoqchiman», – dedi Mirziyoyev.
Prezident soʻzining yakunida 15-may kuni Orolboʻyida boʻlib oʻtadigan «yashil» raqamli tashabbuslar global yoshlar festivalida ishtirok etishga taklif qildi.
Shuningdek, prezident 15-may – Xalqaro iqlim kunida Orolboʻyi mintaqasida boʻladigan Raqamli «yashil» tashabbuslar global yoshlar festivaliga vakillarni taklif etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent Prezident maktabi xalqaro mukofotni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.