Xitoy TikTokʼni Ilon Maskka sotishi mumkin – Bloomberg
Xitoyning ByteDance kompaniyasi TikTok ijtimoiy tarmogʻining AQShdagi operatsiyalarini amerikalik milliarder Ilon Maskka sotishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, agar TikTokʼga nisbatan taqiqni bekor qilishning imkoni boʻlmasa, Xitoy rasmiylari Mask orqali TikTokʼning AQSh bozoridagi faoliyatini davom ettirish variantini oʻrganmoqda. Pekin TikTokʼni ByteDance mulki sifatida qoldirishni afzal koʻrsa-da, AQSh Oliy sudi milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan ByteDanceʼning AQShdagi vakolatlaridan voz kechishi yoki yopilishini talab qiluvchi qonunni qoʻllab-quvvatlashi kutilmoqda.
Maskning X platformasi TikTokʼning AQSh bozorini egallab, uning 170 million foydalanuvchisidan reklama va sun’iy intellekt loyihalarini rivojlantirishda foydalanishi mumkinligi muhokama qilinmoqda. Ammo bunday kelishuvni amalga oshirish uchun ByteDanceʼdagi «oltin ulush»ga ega Xitoy hukumati tomonidan tasdiq talab qilinadi, ayniqsa, TikTokʼning qimmatli algoritmlari boʻyicha eksport cheklovlari hisobga olinadi.
TikTokʼning AQSh operatsiyalari $40 – 50 milliard atrofida baholangan boʻlib, ushbu jarayonni ByteDanceʼdan ajratish oʻta murakkab hisoblanadi. Geosiyosiy keskinlik va tartibga solish toʻsiqlari sharoitida TikTokʼning AQShdagi kelajagi hali ham noaniq boʻlib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan TikTokʼka egalik qiladigan kompaniya tasvirlar bilan ishlaydigan sun’iy intellektni taqdim etgani haqida xabar bergan edi.