2024-yilda Oʻzbekiston aeroportlari 13,5 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi
2024-yilda Oʻzbekiston aeroportlari 13,5 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻpdir. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Shundan 11,02 million nafar yoʻlovchi xalqaro reyslarga to‘g‘ri kelsa, 2,48 million nafari esa ichki reyslardan foydalangan. Eng katta yoʻlovchi oqimi Toshkent aeroportiga toʻgʻri keldi – 8,71 million kishi. Samarqand va Namangan aeroportlarida esa mos ravishda 1,38 million va 759,8 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatilib, keyingi o‘rinlardan joy oldi.
Shuningdek, aviaqatnovlar soni 33 foizga oshib, 113,6 mingtaga yetdi. Parvozlarning asosiy qismi (80,2 mingtasi) xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirildi. Xorijiy aviakompaniyalar umumiy reyslarning qariyb 35 foizini tashkil etib, 4,76 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatdi.
Yuk tashish sohasida 2024-yilda 87 ming tonna yuk va pochta tashildi, bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan (71 ming tonna) 23 foizga koʻpdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqand aeroporti reyslarni qabul qilishni tiklagani haqida xabar bergan edi.