Buxorodan Moskvaga uchgan samolyot dvigatelida nosozlik yuzaga keldi
Bugun, 15-yanvar kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Buxoro – Moskva (Vnukovo) yoʻnalishida parvoz qilgan samolyoti belgilangan aeroportga qoʻnayotganda dvigatellardan biri ishdan chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
«Aviakompaniya ekipaji tomonidan tegishli ishlar bajarildi va samolyotni belgilangan aeroportga qoʻndirishga qaror qilindi. Qoʻnish muvaffaqiyatli amalga oshirildi, havo kemasi bortida 132 yoʻlovchi bor edi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, kompaniya amaldagi parvozlar jadvalida rejalashtirilgan keyingi aviaqatnovlar Vnukovo xalqaro aeroportiga uchib ketgan zaxira havo kemasida amalga oshirilishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Utairʼning Samarqandga uchgan samolyoti Moskvada favqulodda qoʻnish qilgani haqida xabar bergan edi.