Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev lavozimidan ozod etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayrim hududlar investitsiya va eksport masalalarida yetarli faollik ko‘rsatmagani qayd etildi. Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev esa hududida investitsiyalarni jalb qilish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi jiddiy kamchiliklari tufayli lavozimidan ozod etildi.
2024-yilda Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Peshku, Yangiobod, Qamashi, Xonqa va Shovot tumanlarida investitsiyalar hajmi $15 millionga ham yetmagan.
Shuningdek, Romitan, Dehqonobod, Mirishkor, Chiroqchi, Narpay, Nurobod, Guliston tumanlari va Ohangaron shahrida eksport hajmi pasaygani ta’kidlandi. Mazkur hududlarning 16 nafar hokimiga hayfsan e’lon qilindi.
Yig‘ilishda investitsiyalarni boshqarish bo‘yicha yangi nazorat tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi. Bunga ko‘ra, Bosh vazir yil davomida $42 milliardlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha oyma-oy reja tasdiqlaydi. Viloyat, shahar va tuman hokimlari hamda tarmoq rahbarlari haftasiga ikki kun investitsiya masalalari bilan shug‘ullanishi shart qilib belgilandi.
Rahbarlar hududlarga muntazam borib, tadbirkorlar bilan uchrashishi va muammolarni joyida hal etishi talab qilinmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Oʻztransgaz», «Oʻzmetkombinat» va «Oʻzsuvta’minot» rahbarlari qattiq ogohlantirilgani haqida xabar bergan edi.