BYD kompaniyasining bestselleri, Xitoy bozorida o‘z sinfidagi eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lgan Seagull elektromobilining yangi versiyasi taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Yangi model avvalgisiga qaraganda yaxshilangan old bamper, old to‘xtash datchiklari va 360 darajali kamera tizimi bilan jihozlangan (joriy versiyada faqat orqa ko‘rish kamerasi mavjud). Shuningdek, BYD Seagull ayrim mamlakatlarda Dolphin Mini nomi bilan tanilgan.
BYD Seagull ilk bor 2023-yil aprel oyida Xitoy bozoriga kirdi. Bu kichik hajmdagi to‘rt eshikli elektr xetchbek to‘rt kishilik o‘rindiqlar, 74 ot kuchiga ega elektr motor va 405 kilometrgacha bo‘lgan quvvat zaxirasi bilan jihozlangan. Avtomobilning boshlang‘ich narxi atigi $9520ni tashkil etadi. 2024-yilda ushbu model Xitoyda 453,3 ming dona sotilib, kompaniyaning eng ko‘p sotilgan akkumulyatorli elektr avtomobiliga aylandi. 2024-yil noyabrida Seagull Xitoyning sedan va xetchbek segmentlarida yetakchi bo‘lishga erishdi.
Yaqinda Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi yangilangan BYD Seagullning rasmlarini e’lon qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Yangwang U9 o‘zi harakatlanadigan va sakray oluvchi superkar taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.