$110 mlnlik uskunalari hanuz omborlarda saqlanayotgani tanqid qilindi

eʼlon qilindi
So‘nggi yetti yilda jalb qilingan $120 mlrd investitsiya natijasida 6 mingdan ortiq yangi korxonalar ishga tushirilgan
Foto: telegram / Sherzod Asadov

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda investitsiya samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

So‘nggi yetti yilda jalb qilingan $120 mlrd investitsiya natijasida 6 mingdan ortiq yangi korxonalar ishga tushirilgan. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, har $1 ming investitsiya yiliga o‘rtacha $530 qo‘shilgan qiymat yaratmoqda.

Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich $700ga yetib, Germaniya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlardan investorlar e’tiborini tortmoqda. Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz», «O‘zmetkombinat» va qurilish materiallari tarmoqlarida investitsiya samaradorligi boshqa sohalarga qaraganda ikki barobar past ekani ta’kidlandi.

Hududiy tahlillar respublika bo‘ylab investitsiya samaradorligining notekis ekanini ko‘rsatdi. Sirdaryo viloyatida qo‘shilgan qiymat respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan uch barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda esa ikki barobar kam.

Yig‘ilish davomida tadbirkorlarning bojxona omborlarida uzoq muddatdan beri qolib ketgan uskunalari masalasi ham muhokama qilindi. 230 ta tadbirkorning umumiy qiymati $120 mlnga teng uskunalari egalariga yetkazilgan bo‘lsa-da, yana 105 ta tadbirkorning $110 mlnlik uskunalari hanuz omborlarda saqlanayotgani tanqid qilindi.

Mutasaddilarga ushbu muammoni hal etish maqsadida uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident 2025-yil uchun investitsiya bo‘yicha asosiy vazifalarni belgilagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek