«Oʻztransgaz», «Oʻzmetkombinat» va «Oʻzsuvta’minot» rahbarlari qattiq ogohlantirildi – president
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2024-yilda ayrim tarmoq va tashkilotlarning investitsiya rejalarini bajarmagani tanqid qilindi. Xususan, to‘qimachilikda 17 million dollarlik investitsiya kam o‘zlashtirilgan. «O‘ztransgaz» va «O‘zmetkombinat»da investitsiyalar ikki barobar qisqargan, «O‘zsuvta’minot»da esa bu ko‘rsatkich 20 foizga pasaygan.
Ushbu tashkilotlar rahbarlari shu yil birinchi chorakda oʻzgarish qilmasa, ularning faoliyatiga baho berilishi haqida qattiq ogohlantirildi.
Grant jalb qilishda ham ko‘plab kamchiliklar mavjud. Ekologiya va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari, Davlat aktivlari, Farmatsevtika va O‘rmon xo‘jaligi agentliklari rejani bor-yo‘g‘i 25 foizga bajargan. Qurilish, Transport va Madaniyat vazirliklari esa $10 mlnlik grant jalb qilish bilan cheklangan.
Fransiya, Yaponiya, Italiya, Vengriya, Malayziya va Ispaniyadan yil davomida $100 mln ham investitsiya kelmagani tanqid ostiga olindi. Bu mamlakatlar bilan hamkorlik imkoniyatlarining to‘liq ishga solinmagani qayd etildi.
Prezident rahbarlarni yilning birinchi choragi davomida vaziyatni yaxshilashga chaqirdi. Belgilangan muddat ichida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, ular faoliyatiga baho berilishi aytildi.
2024-yilda umumiy iqtisodiy o‘sish yuqori bo‘ldi: yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, $115 mlrdga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi $34,9 mlrdni tashkil etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat va BAA o‘rtasida 15 ta investitsion bitimlar imzolangani haqida xabar bergan edi.