Xitoy kompaniyalari Volkswagenʼning Germaniyadagi zavodlarini sotib olishi mumkin
Xitoy rasmiylari va avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Volkswagenʼning Drezden va Osnabryukdagi yopilish xavfi ostida boʻlgan ikkita zavodini sotib olishni koʻrib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Volkswagen zavodlarining sotib olinishi Xitoyga nemis avtomobilsozlik sanoatida, ayniqsa, premium segmentda oʻz taʼsirini kuchaytirish imkonini beradi.
Xitoy kompaniyalari Germaniya iqtisodiyotining turli sohalariga sarmoya kiritmoqda, jumladan, Mercedes-Benz ham ikkita yirik xitoylik aksiyadorga ega. Shuningdek, Germaniyada avtomobillar ishlab chiqarish xitoylik sarmoyadorlarga Yevroittifoq bojlaridan qochish imkonini yaratishi mumkin.
2024-yil dekabrida Volkswagen ishlab chiqarish quvvatini 734 ming avtomobilga qisqartirishi va Germaniyadagi zavodlarida 35 ming ish oʻrnini yoʻq qilishini eʼlon qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volkswagen kompaniyasidagi norozilik namoyishida yuz ming kishi qatnashgani haqida xabar bergan edi