2025-yilda kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion soʻm kredit ajratiladi
Bugun, 17-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambagʻallikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yilda 5,2 million fuqaroning bandligini ta’minlash, 1,5 million aholini kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Mahalla bankirlari bilan birgalikda 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod kishilar biznesga jalb etiladi. Bu maqsad uchun yil kichik biznes loyihalariga 120 trillion soʻm kredit ajratiladi.
Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha 32 ta yoʻnalishda yangi yondashuvlar joriy qilinadi. 300 ta ogʻir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt boʻlgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, kambagʻal oilalar kooperatsiya asosida ishga olinadi.
Shuningdek, 123 ta tumanda kambagʻal aholi dorivor oʻsimliklar yetishtirish va 20 ming gektar oʻrmon barpo etishga jalb qilinadi. Daraxt ekish uchun subsidiya toʻlanadi. Turizm hududlarida mehmon uylari va oshxonalar, pochta boʻlimlarida elektron tijorat markazlari tashkil etilib, kambagʻal oilalar ishga olinadi.
Umuman olganda, 2025-yilda 6,47 mingta mahallada loyihalar amalga oshirilib, 210 ming kishi kambagʻallikdan chiqariladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlardan foydalanish kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.