Astronomlar rekord orbitaga ega noyob qo‘sh yulduz tizimini topdilar

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Taxminan 1500 yorug‘lik yili masofada joylashgan ushbu tizim ikkita yulduzdan iborat
Foto: DALL-E

Xalqaro astronomlar guruhi Tess kosmik teleskopi va yerda joylashgan Ngts rasadxonasi yordamida Ngts-EB-7 AB nomli yangi qo‘shaloq yulduz tizimini aniqladi. Bu tizim o‘zining past massasi va rekord uzoq orbital davri bilan ajralib turadi. Bu haqida Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida e’lon qilindi.

Taxminan 1500 yorug‘lik yili masofada joylashgan ushbu tizim ikkita yulduzdan iborat: kattaroq G sinfiga mansub asosiy yulduz va kam massali M sinfiga kiruvchi qizil mitti. Asosiy yulduz hajmi bo‘yicha Quyoshdan 45% ga katta, massasi esa 13% ga ko‘p. Harorati 5770 Kelvin bo‘lib, uning yoshi 10 milliard yil deb baholanmoqda. Ushbu yulduz metallarga boyligi bilan ajralib turadi — tarkibidagi metall miqdori Quyoshnikidan 0,26 birlikka yuqori.

Qizil mitti hamroh yulduzi massasi Quyoshning 9,6% ini, radiusi esa 12,5% ini tashkil etadi. Bu xususiyatlar qizil mitti yulduzni oddiy asosiy ketma-ketlik yulduzlari va jigarrang mittilar o‘rtasidagi nazariy chegaraga yaqinlashtiradi. Shuningdek, uning orbitasi yuqori ekssentriklikka ega bo‘lib, 0,71 ga teng.

NGTS-EB-7 AB tizimining orbital davri 193,36 kunni tashkil etadi, bu ma’lum bo‘lgan past massali tutiluvchi qo‘sh yulduz tizimlari orasida eng uzoq davrlardan biridir. Bunday tizimlar astronomiya uchun muhim ahamiyatga ega, chunki ular orqali yulduzlarning massasi, radiusi va harorati kabi asosiy parametrlarni aniq o‘lchash va yulduzlar evolyutsiyasi modellarini sinash imkoniyati mavjud.

Olimlarning ta’kidlashicha, kelajakdagi Plato kosmik missiyasi Ngts-EB-7 AB tizimida ikkilamchi tutilishni kuzatib, qizil mitti yulduzning aniqlikdagi harorati va boshqa xususiyatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishi mumkin. Ushbu kashfiyot astronomlar uchun past massali yulduzlarning tabiati va evolyutsiyasini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyatini ochib beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan NASA Marsda hayot borligini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek