Banklar va moliya

Kaspi.kz ketdi, Paynet keldi: Humoni qanday kelajak kutmoqda

Kursiv Uzbekistan to‘lov tizimining istiqbollari haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi
Kollaj: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan

Humo to‘lov tizimining sotilishi O‘zbekistonda so‘nggi oylarda xususiylashtirish sohasidagi eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi. Paynet bosh direktori Anvar Isamuxamedovning fikricha, «Humo to‘lov bozoridagi boshqa ishtirokchilar bilan sinergiyasi tizimning erishgan yutuqlarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni yanada oshirish imkoniyatini ham yaratadi». Kursiv Uzbekistan esa Qozog‘istonning Kaspi.kz kompaniyasi nima uchun Humo to‘lov tizimini sotib olishdan voz kechgani va yangi egasi bilan tizimni qanday istiqbollar kutayotgani haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Kaspi ketishga qaror qildi, biroq qaytish ehtimolini ochiq qoldirdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) joriy yil yozida Humo davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini boshlaganini e’lon qilgan edi. Avgust oyida esa Qozog‘istonning Kaspi.kz kompaniyasi to‘lov tizimini sotib olishga qiziqish bildirgani ma’lum bo‘ldi. Ammo noyabr oyiga kelib, moliyaviy gigant bitimdan voz kechdi. Bu qarorning sabablarini ochiqlamasdan, kompaniya O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasida ishtirok etish imkoniyatlarini izlashni davom ettirishga va’da berdi.

«Sotib olishdan voz kechish sabablari haqida aniq ma’lumot faqat maxfiylik kelishuvini imzolagan ishtirokchilar uchun mavjud», – deydi moliyaviy sektor va boshqaruv masalalari bo‘yicha mustaqil ekspert Rustam Muhametshin. Uning so‘zlariga ko‘ra, M&A (qo‘shib olish va sotib olish) jarayonlari murakkab muzokaralarni o‘z ichiga oladi. «Bunday jarayonlarda tomonlar faqat narx masalasida emas, balki boshqa shartlar yuzasidan ham kelishuvga erishishlari lozim. Masalan, davlat uchun mablag‘ni olishdan tashqari, to‘lov tizimining barqarorligini ta’minlash ham muhim. Shu sababli ayrim shartlar xaridor uchun tijoriy jihatdan maqbul bo‘lmasligi mumkin», – deya qo‘shimcha qiladi u.

Xususiylashtirishning so‘nggi bosqichida Humo uchun uchta xaridor kurash olib bordi. Paynet eng yuqori narxni ($65 mln) taklif etgani sababli g‘olib deb topildi.

Narx adolatli baholanganmi?

Kursiv Uzbekistan ekspertlari fikricha, xarid narxi adolatli, ammo kompaniyaning istiqbollarini inobatga olganda, undan yuqoriroq baholanishi ham mumkin edi.

«$65 mln qiymatdagi bitim yetarli darajada o‘zini oqlaydi, biroq bunday sifatli aktiv uchun ko‘proq raqobat bo‘lishi va narx takliflari yanada yuqori bo‘lishi kutilgan edi», – deydi Avesta Investment Group tahlilchisi Zohro Murtazayeva.

Uning ta’kidlashicha, Humo’ning kuchli infratuzilmasi – 30 milliondan ortiq chiqarilgan kartalar, 6,4 ming bankomat va 210 mingdan ortiq terminallar, shuningdek, hududlardagi yuqori faollik darajasini inobatga olganda, aktiv biroz pastroq baholangan bo‘lishi mumkin. P/E ko‘rsatkichi (x5,6) va P/B ko‘rsatkichi (x2,6) bu fikrni tasdiqlaydi. Misol uchun, Payme kompaniyasini TBC Bank sotib olishida daromad ko‘rsatkichi multiplikatori x10 dan oshgan edi. Ammo UzCard bitimi bilan solishtirganda, unda P/E ko‘rsatkichi faqat x0,4 bo‘lgani uchun Humo bahosi adolatli ko‘rinadi.

Alkes Research boshqaruvchi direktori Odil Musayev ham bitim qiymati bozor konsensusini aks ettiradi, deb hisoblaydi. «Humo kuchli infratuzilmaga va bozor mavqeyiga ega. Ushbu omillar $65 mln bahoni asosli qiladi», – deydi u.

Ekspert Rustam Muhametshinning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi daromadlilik darajasini hisobga olganda, Humoga kiritilgan investitsiya 5-7 yil ichida o‘zini oqlashi mumkin.

Humo va Paynet hamkorligi: rivojlanish istiqbollari

Ekspertlarning fikricha, Humoning sotib olinishi nafaqat kompaniyaning o‘zini, balki O‘zbekistonning to‘lov ekotizimini rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.

Paynet avval ham Humo kartalari orqali tranzaksiyalar hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi uchta yetakchi bank bo‘lmagan mobil ilovalar qatoridan joy olgan edi. Click va Payme dan keyingi o‘rinni egallab, bozorning 14 foiz ulushiga ega edi. Endilikda Paynet o‘zining tranzaksiya ulushini oshirib, yanada ko‘p xizmatlar taklif etish orqali raqobatbardosh ustunlikka ega bo‘lishi mumkin, deydi Zohro Murtazayeva. Uning fikricha, bu natijaga Paynet’ning keng qamrovli to‘lov terminallari tarmog‘i (25 mingdan ortiq savdo nuqtalari) va Humo’ning 6,4 ming bankomatidan samarali foydalanish orqali erishish mumkin.

Uning ta’kidlashicha, Humo allaqachon kuchli texnik bazaga ega bo‘lib, unda kontaktsiz to‘lovlar, HUMOPay va SoftPOS kabi innovatsion xizmatlar mavjud.

«Humo xalqaro maydonda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni boshlagan holda yangi bozorlar sari chiqishi mumkin. Bunda Paynet operatsion baza sifatida xizmat qiladi. Ular birgalikda transchegaraviy pul o‘tkazmalari yoki mobil hamyonlar bilan integratsiya kabi mintaqaviy mahsulotlarni ishlab chiqishi mumkin. Bu Paynet’ning mintaqaviy yetakchi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va ko‘proq xilma-xil moliyaviy yechimlarni taklif qilish imkonini beradi», – deydi tahlilchi.

Odil Musayev esa Paynet tajribasidan foydalanishda katta salohiyat borligini ta’kidlaydi. «Paynet o‘zining innovatsion yechimlari bilan tanilgan, jumladan, kriptoaktivlarni sotib olish uchun onlayn platforma – Paynet Crypto’ni ishga tushirgan. Bunday texnologiyalarni Humoga integratsiya qilish kompaniyaning rivojlanishini tezlashtirib, raqobatbardoshligini oshirishi mumkin», – deydi u.

Zohro Murtazayeva’ning qayd etishicha, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Humo’ning P2P tranzaksiyalar segmentidagi ulushi 34,3% ni tashkil qilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022-yilda 31,7% bo‘lgan edi. Ekspertning taxminiga ko‘ra, ushbu ulush kelgusi yillarda ham o‘sishda davom etadi.

«POS-terminallar va ekvayring segmentlaridagi kuchli pozitsiyasi sabab, Humo ayniqsa mintaqalarda keng qamrovli to‘lov yechimlarini taklif qilish imkoniyatiga ega. Bu uning bozordagi yetakchiligini yanada mustahkamlaydi», – deya qo‘shimcha qiladi Avesta Investment Group vakili.

Paynet oldidagi sinovlar

Humo mijozlarining ishonchini saqlab qolish Paynet uchun eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. «Foydalanuvchilarga bitimning afzalliklarini tushuntirish va ochiq muloqotni ta’minlash nihoyatda muhim», – deydi Zohro Murtazayeva.

«Humo’ning xususiy sektorga o‘tishi bozor raqobatini kuchaytiradi. Bu barcha ishtirokchilarni, jumladan, Uzcard va xalqaro to‘lov tizimlarini xizmat sifatini yaxshilashga undaydi», – deya ta’kidlaydi Odil Musayev. Uning fikricha, raqobatning kuchayishi tariflarning pasayishiga va foydalanuvchilar uchun qulayliklarning oshishiga olib kelishi mumkin.

Rustam Muhametshin muammolarni tashkiliy va texnologik jihatlarda koʻradi. «Birinchi navbatda hal qilinishi lozim boʻlgan masala bu tashkiliy masalalardir. Texnologik integratsiya bilan hozircha biroz kutish mumkin», – deya xulosa qiladi u.