Yangiliklar

Oʻzbekistonda taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash uchun javobgarlik belgilandi

Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi
Foto: VadimVasenin / depositphotos.com

Oʻzbekistonda taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni saqlash uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Vazirlik xabariga koʻra, taqiqlangan yovvoyi hayvonlarni sun’iy sharoitda yoki tutqunlikda saqlaganlik uchun jismoniy shaxslarga BHMning 5–10 baravari (1,875 mln – 3,75 mln soʻm) miqdorida jarima solinadi va hayvonlar musodara qilinadi. Agar bunday huquqbuzarlik odamlar sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga zarar yetkazsa, jinoyat alomatlari boʻlmagan taqdirda BHMning 30–50 baravari (11,25 mln – 18,75 mln soʻm) jarima belgilanadi, hayvonlar musodara qilinadi.

Shuningdek, shahar yoki aholi punktlarida hayvonlarni notoʻgʻri saqlash yoki egasiz hayvonlarga chora koʻrmaslik uchun jarimalar quyidagicha belgilangan:

  • Fuqarolar uchun BHMning 3–5 baravari (1,125 mln – 1,875 mln soʻm);
  • Mansabdorlar uchun 5–10 baravari (1,875 mln – 3,75 mln soʻm).

Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelsa, basharti jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa quyidagicha bo‘ladi:

  • Fuqarolarga BHMning 10–15 baravari (3,75 mln – 5,625 mln soʻm);
  • Mansabdor shaxslarga 15–30 baravari (5,625 mln – 11,25 mln soʻm).

Qonunchilikka kiritilgan bu oʻzgarishlar ilgari mavjud boʻlmagan. 2024-yil noyabrda taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati va ularni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlangan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vazirlar Mahkamasining «Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edi.