So‘nggi yillarda soxta portallar va ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on havolalar odamlarni chalg‘itish, moliyaviy zarar yetkazish yoki maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun keng qo‘llanmoqda. Huquq-tartibot idoralari veb-saytlarning haqiqiyligini tekshirish uchun www.fake.cyber102.uz veb-saytini ishga tushirdi.
Soxta portallarning turlari
- Soxta internet do‘konlar
Firibgarlar qimmatbaho mahsulotlarni arzon narxlarda taklif qilib, xaridorlardan to‘lovlarni oldindan amalga oshirishni talab qilishadi. Aslida esa mahsulotlar mavjud emas yoki boshqa sifatda yetkaziladi. - Bank va moliyaviy xizmatlarning soxta saytlari
Bu turdagi sahifalar rasmiy bank yoki to‘lov tizimlarining nusxasi bo‘lib, foydalanuvchilarning login ma’lumotlari va parollarini o‘g‘irlashga qaratilgan. - Ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on havolalar
«Tanishing bu ajoyib imkoniyat bilan!» kabi e’lonlar orqali foydalanuvchilar yolg‘on sahifalarga yo‘naltiriladi, u yerdagi ma’lumotlar orqali esa shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanadi. - Lotereya va sovg‘a kampaniyalari
«Siz sovrin yutdingiz! Ma’lumotlaringizni kiriting» kabi havolalar yordamida firibgarlar maxfiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi.
Feyk web-saytlar va havolalarni qanday qilib aniqlash mumkin?
- Sayt domeniga e’tibor bering:
Rasmiy saytlarning domen nomlari odatda qisqa va brendga mos bo‘ladi. Masalan, «cyber102.uz» o‘rniga «cyber-102.info» kabi shubhali domenlardan saqlaning. - HTTPS belgisini tekshiring:
Havolaning boshida yashil qulf belgisi va «https://» yozuvi bo‘lishi zarur. Agar bu yo‘q bo‘lsa, bunday saytga ishonmang. - Havola manzilini diqqat bilan ko‘ring:
Havoladagi harflar o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, «g00gle.com» yoki «fácebook.net» kabi. - Ortib ketgan reklama va e’lonlar:
Sahifada haddan tashqari ko‘p reklama va yorqin rangli chaqiriqlar bo‘lsa, bu soxta sayt belgisi bo‘lishi mumkin.
Soxta saytlar va havolalardan himoyalanish uchun bir qator muhim choralarni ko‘rish lozim. Avvalo, hech qachon shaxsiy yoki moliyaviy ma’lumotlaringizni shubhali saytga kiritmang, chunki bu ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanish xavfini oshiradi. Ma’lumotlaringizni tekshirish uchun www.fake.cyber102.uz saytidan foydalanishingiz mumkin.
Bundan tashqari, o‘z kompyuter va telefoningizda yangilangan antivirus dasturlarini ishlatishingiz muhim, bu esa qurilmalaringizni zararli dasturlardan himoya qilishga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank banklar va toʻlov tizimlari serverlariga xakerlik hujumi sodir etilganini rad etgani haqida xabar bergan edi.