Yangiliklar

Ish joyini tark etish holati ko‘p – Janubiy Koreya o‘zbekistonlik migrantlarni kam qabul qilayotganiga izoh berildi

Migratsiya agentligi bunday tendensiya sabablarini ish joylarini sababsiz tark etish va iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘ladi
Foto:Meikesen / www.depositphotos.com

2024-yilda Janubiy Koreyaga E-9 vizasi bilan ishlash uchun 3 080 nafar o‘zbekistonlik fuqaro yuborildi. Bu 2023-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli pasayishni anglatadi. Migratsiya agentligi bunday tendensiya sabablarini ish joylarini sababsiz tark etish va iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘ladi.

Migratsiya agentligi bosh mutaxassisi Doston Olimjonovga ko‘ra, ish joylarini o‘zgartirish yoki sababsiz tark etish holatlari O‘zbekiston bilan birga Nepalda ham kuzatilmoqda. Masalan, Nepalning Koreyaga yuborgan migrantlari soni bir yilda 19 758 nafardan 7 081 nafarga kamaygan.

Koreya iqtisodiyotida yuzaga kelgan o‘zgarishlar tufayli ko‘plab kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilmoqda. Shu sababli nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham Koreyaga yuborilgan migrantlar soni kamaymoqda.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatovning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya Senegal va Vyetnam fuqarolarini ko‘proq tanlamoqda. Ushbu davlatlarda ish joyini tark etish holatlari kam uchraydi, bu esa ularni ishonchli mehnat kuchiga aylantiradi.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Janubiy Koreyaga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni ishga ko‘niktirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Migrantlar Koreyada ish muhitini yaxshiroq tushunish uchun ish beruvchi kompaniyalarda tayyorlov jarayonlarida qatnashadi. Ushbu yondashuv 2025-yilda o‘z natijasini berishi kutilmoqda.

Migratsiya agentligi vakillari Koreyada migrantlar uchun amalga oshiriladigan tayyorlov jarayonlari va xizmatlar xarajatlari oshganini qayd etdi. Shu bilan birga, Rossiyaga ketayotgan fuqarolar uchun osonlashtirilgan to‘lov tizimi ko‘rib chiqilmoqda. Ammo agentlik matbuot xizmati bu tizim bekor qilinganini tasdiqladi.

Janubiy Koreyaga o‘zbekistonlik migrantlarning qabul qilinishidagi pasayish qator muammolar va yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Tashkilot tomonidan ilgari surilayotgan ko‘nikma va moslashuvni kuchaytirishga qaratilgan dasturlar ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada noqonuniy yashayotgan xorijliklar 30-aprelgacha mamlakatni tark etishi kerakligi haqida xabar bergan edi.