2029-yilda ayollar Osiyo kubogiga mezbonlik qiladigan O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasini UEFA «Pro» litsenziyasiga ega bo‘lgan Kotrina Kulbite boshqaradi. Ushbu turnirga tayyorgarlik ko‘rish va 2026-yilgi Osiyo kubogi saralashida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun yangi murabbiy bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) ma’lum qildi.
O‘FA rahbariyati Litvadan kelgan mutaxassis Kotrina Kulbite bilan uchrashdi. Unga mamlakatimiz futbolining tarixi, erishilgan yutuqlar va ayollar futboli sohasidagi rivojlanish haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘FA rahbariyati 2029-yilgi Osiyo kubogida munosib ishtirok etish, shuningdek, Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish O‘zbekiston futboli uchun ustuvor maqsad ekanini ta’kidladi. Bundan tashqari, 2026-yilgi Osiyo kubogi saralash bosqichida yuqori natijalarga erishish zarurligi qayd etildi.
Kotrina Kulbite O‘zbekistonda ayollar futbolini rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. Litvalik murabbiy UEFAning «Pro» litsenziyasiga ega bo‘lib, ilgari Litva ayollar terma jamoasi va yoshlar jamoalarida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, u UEFA murabbiylarini o‘qitish bo‘yicha instruktori hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan rasman Oʻzbekiston futzal federatsiyasi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi.