Til sertifikati yo‘q abituriyentlar chet tili yo‘nalishlariga topshira olmaydi
Oliy ta’lim vazirligi 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat talab etilishini yana bir bor eslatmoqda. Ushbu yangi tartib qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Bu degani, fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilishda test sinovlari o‘tkazilmaydi. Abituriyentlar faqat belgilangan darajadagi sertifikatni taqdim etish orqali bu yo‘nalishlarga hujjat topshirishlari mumkin.
Agar 1-fan sifatida aniq «ingliz tili», «nemis tili» yoki «fransuz tili» ko‘rsatilgan bo‘lsa, aynan ushbu tildan sertifikat talab qilinadi. Masalan, ingliz tilidan sertifikat talab qilinadigan yo‘nalishga nemis yoki boshqa tildan sertifikat bilan hujjat topshirib bo‘lmaydi.
Biroq 1-fan «chet tili» deb ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishlari uchun tasdiqlangan xorijiy tillardan birortasidan olingan sertifikat kifoya qiladi. Bu esa abituriyentlarga tanlov imkoniyatini biroz kengaytiradi.
Tasdiqlangan sertifikatlar ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin:
lex.uz
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tegishli til sertifikatga ega boʻlmagan chet tili oʻqituvchilariga yana bir yil muddat berilishi haqida xabar bergan edi.