Tramp inauguratsiyadan so‘ng muhojirlarni deportatsiya qilishni boshlaydi — WSJ
AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati 21 yanvar kuni — inauguratsiyadan bir kun oʻtib, noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilish haqidagi saylovoldi vaʼdalarini amalga oshirishga kirishadi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, migrantlarga qarshi birinchi reyd seshanba kuni ertalab Chikagoda boshlanadi va hafta oxirigacha davom etadi. Tadbirlarda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmatining 200 nafarga yaqin xodimi ishtirok etadi.
Shundan soʻng reydlar Nyu-York, Los-Anjeles, Denver va Mayamida boʻlib oʻtadi. Dastlabki bosqichlarda 1 million kishini mamlakatdan chiqarib yuborish rejalashtirilgan, keyinchalik bu raqam sezilarli darajada oshishi mumkin.
Bungacha xorijiy ommaviy axborot vositalari Donald Tramp AQShda bolalar tugʻilganidan keyin ham noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqchi ekani haqida xabar bergan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp Trudoning isteʼfoga chiqish haqidagi xabarlardan keyin Kanadaga AQShga qoʻshilishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.