Turkiyada oʻzbekistonliklarni fohishalik uchun sotib yuborgan ayol qoʻlga olindi. Bu haqda Istanbul shahridagi Bosh konsulxona xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Oʻzbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirligi hamkorligida odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, IIV tomonidan qidiruvda boʻlgan fuqaro Oʻzbekistonga deportatsiya qilingan.
Ayblanuvchi chet elda qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston fuqarolarining hujjatlarini olib qoʻygan va shahvoniy maqsadlarda sotib yuborgan.
Mazkur shaxsning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabrlangan fuqarolar Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yoki ichki ishlar organlarining mahalliy boʻlinmalariga murojaat qilishlari soʻraladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtofiribgarlikda gumon qilingan o‘zbekistonlik erkak Turkiyada qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.