Avto

BYD, Nissan, Volkswagen: Xitoyda 2024-yilning eng ko‘p sotilgan sedan va xetchbeklari e’lon qilindi

2024-yilda Xitoyda yengil avtomobillar savdosi 22,6 million donaga yetdi
Foto: BYD

2024-yilda Xitoyda yengil avtomobillar savdosi 22,6 million donaga yetdi, bu 2023-yilga nisbatan 3,1 foizga koʻpdir. Asosiy oʻsishni Xitoy brendlari ta’minladi, ular 17,97 million avtomobil sotib, sotuvlar 23,1 foizga oshdi.

Sedanlar va xetchbeklar orasida BYD Qin Plus 480 ming dona sotuv bilan yetakchiga aylandi. Oylik oʻrtacha sotuv 40 ming donani tashkil etdi. Sotuvning 63 foizini PHEV gibrid versiyasi (304 ming dona), qolgan qismini esa elektr modeli (175 ming dona) egalladi. BYD Qin Plus yilning eng mashhur sedani boʻlish bilan birga, mamlakatda Tesla Model Y dan keyin ikkinchi eng koʻp sotilgan avtomobil boʻldi.

Kompakt elektromobil BYD Seagull 453 ming dona sotilgan sedan va xetchbeklar orasida ikkinchi oʻrinni egalladi. Uchinchi oʻrinni Nissan Sylphy egalladi va 342 ming dona avtomobil sotildi. «TOP-5» ga Volkswagen Lavida (322 ming dona) va SGMW Wuling Hongguang Mini EV (261 ming dona) ham kirdi.

Oʻntalikdan Volkswagen Passat, Volkswagen Sagitar, BYD Qin L, BYD Han va BYD Destroyer 05 joy oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasi Janubiy Koreyaga elektromobil yetkazib berishni boshlagani haqida xabar bergan edi.