Donald Tramp yaratgan kriptovalyuta tez ommalashmoqda

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp oʻzining kriptovalyutasini yaratganini e’lon qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida ma’lum qildi.
U ishga tushirilganida $4,29 darajasida sotilgan kriptovalyuta qisqa vaqt ichida tez ommalashdi. Bugun, 20-yanvar soat 9:25 holatiga koʻra, bitta tokenning narxi $47,5 boʻldi. Kriptovalyuta oʻzining rekord koʻrsatkichini 19-yanvar kuni koʻrsatib, $75,08 ni tashkil qilgan edi.

Ma’lumot uchun, $TRUMP – Donald Trampning internet hazillari va shiorlaridan ilhom olgan kriptovalyuta – memkoin sifatida taqdim etilmoqda.
The Crypto Times xabariga koʻra, kriptovalyuta ishga tushirilganida 200 million tanga muomalaga kiritilgan. Ishlab chiquvchilar esa uch yil ichida tokenlar sonini 1 milliardga yetkazishni maqsad qilgan.
2024-yilda memkoinlar kriptobozorning eng tez rivojlanayotgan sektoriga aylandi va yil boshidan beri ularning umumiy kapitallashuvi 1800 foizdan ziyodga oʻsdi. Tramp bir necha marta kriptovalyutalarni qoʻllab-quvvatlab kelgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin narxi $100 mingdan oshgani haqida xabar bergan edi.