Sport

FIDE Samarqandda bo‘lib o‘tadigan «Grand Swiss» musobaqasi sanalarini e’lon qildi

Turnir doirasida erkaklar va ayollar o‘rtasida shveytsariya tizimi bo‘yicha alohida musobaqalar tashkil etiladi
Foto: FIDE

2025-yil 3 – 15-sentabr kunlari Samarqand shahrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tomonidan tashkil etilgan «Grand Swiss» musobaqasi o‘tkaziladi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar berdi.

Turnir doirasida erkaklar va ayollar o‘rtasida shveytsariya tizimi bo‘yicha alohida musobaqalar tashkil etiladi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi ikki nafar shaxmatchi 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan nomzodlar turniriga yo‘llanma oladi.

FIDE rahbari Arkadiy Dvorkovich O‘zbekistonning shaxmat rivojiga qaratayotgan e’tiborini e’tirof etib, Samarqandni ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazish uchun ideal joy ekanini ta’kidladi.

«Bu turnir shaxmatning yuqori darajadagi sinfi hisoblanadi», – dedi Dvorkovich.

Avvalgi «Grand Swiss» turniri 2023-yilda Men orolida bo‘lib o‘tgan edi. Unda hindistonlik Vidit Gujrati va Rameshbabu Vaishali g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov turnirlarda qancha pul ishlab olgani haqida xabar bergan edi.