2024-yilda O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi $14,8 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga yoki $3,4 mlrdga oshdi. Bu haqida Markaziy bank ma’lum qildi.
Mablag‘larning asosiy qismi – 77 foizi – Rossiyadan kelib tushgan ($11,5 mlrd). Shuningdek, Qozog‘iston ($795 mln), AQSh ($577 mln), Janubiy Koreya ($534 mln), Turkiya ($405 mln) va Buyuk Britaniya ($135 mln) kabi davlatlar ham muhim ulushga ega bo‘ldi.
Pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi mehnat migratsiyasidagi ijobiy o‘zgarishlar, jumladan, ishchi kuchiga bo‘lgan talab va qabul qiluvchi davlatlarda iqtisodiy faollikning oshishi bilan izohlanmoqda.
O‘zbekiston fuqarolari tomonidan xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali $8,2 mlrd, P2P (to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartalariga) o‘tkazmalar orqali $5,9 mlrd, bank o‘tkazmalari orqali esa $774 mln mablag‘ kelib tushgan. Xususan, P2P o‘tkazmalar qulayligi va arzonligi sabab ommalashmoqda, ulushi umumiy hajmda 40 foizga yetdi.
2024-yilda O‘zbekiston banklari orqali valyuta ayirboshlash hajmi $25,5 mlrdga yetdi. Fuqarolar tomonidan banklarga $16,1 mlrd sotilgan bo‘lsa, xarid qilingan valyuta hajmi $9,4 mlrdni tashkil etdi.
Banklar valyuta ayirboshlash infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Respublikada valyuta ayirboshlash punktlari soni 20 foizga oshib, 6,2 mingta shohobchaga yetdi. 24/7 rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan bankomatlar esa aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtokreditlarni qaysi banklardan qulay shartlarda olish mumkinligi haqida xabar bergan edi.