2024-yilda dunyo boʻylab milliarderlarning umumiy boyligi $2 trillionga koʻpayib, $15 trillionga yetdi. Bu haqda Oxfam tengsizlikka qarshi kurashish tashkiloti hisobotida ma’lum qilindi.
Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, dunyodagi milliarderlar soni 204 taga koʻpayib, 2,7 ming kishidan oshdi. Oxfam hisob-kitoblariga koʻra, har hafta Yer yuzida toʻrtta yangi milliarder paydo boʻlgan va ularning aktivlari 2023-yilga nisbatan toʻrt baravar tez oʻsgan.
Oxfamʼning ta’kidlashicha, 1990-yildan beri qashshoqlik chegarasida yashayotgan odamlar soni deyarli oʻzgarmagan va 3,6 milliard kishini tashkil etgan. Shu bilan birga, dunyo boʻylab oʻta qashshoqlar soni esa 733 millionga yetdi. Taqqoslash uchun: 2019-yilda bu koʻrsatkich 581 mlnni tashkil qilgan.
«Global iqtisodiy tizim butkul vayron boʻlgan va oʻz vazifasini bajarishga mutlaqo yaroqsiz, chunki u boylikning oʻsishiga yordam beradi va uni abadiylashtiradi. Shu bilan birga, insoniyatning deyarli yarmi qashshoqlikda yashashda davom etmoqda», – deya ta’kidladi Oxfam tashkilotining tengsizlik siyosati boʻlimi rahbari Anna Marriott.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oʻtgan yilning noyabr oyida amerikalik milliarder Ilon Mask Bloomberg ma’lumotlariga koʻra, dunyoning eng boy odamlari roʻyxatida yetakchilik qilgani haqida yozgan edi.