«M-25» koni hududida gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilmoqda – Energetika vazirligi
Ommaviy axborot vositalarida Boysun tumanidagi «M-25» koni hududida yuzaga kelgan vaziyat haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy munosabat berdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, konda hech qanday kutilmagan vaziyat kuzatilmagan. Ayni paytda mazkur hududda 2024-yil sentabrida metan emissiyasi sodir bo‘lgan 604-sonli quduqni konservatsiya qilish ishlari reja asosida davom ettirilmoqda.
«Ayni paytda hududda kichik hajmda toʻplangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat. Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga toʻla javob beradi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, rasmiylar hududda monitoring ishlari doimiy olib borilayotganini va barcha profilaktika choralari mahalliy aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan energetiklar tayyorlashga yo‘naltirilgan yangi yo‘nalish ochilgani haqida xabar bergan edi.