Donald Tramp ikkinchi muddatining birinchi kunida nimalarni amalga oshirishga va’da berdi
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddatining dastlabki kunida keskin va muhokamalarga sabab bo‘ladigan chora-tadbirlarni amalga oshirishga va’da bermoqda. Bu haqda Aljazeera agentligi ma’lum qildi.
U 2024-yil noyabridagi saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, saylovoldi kampaniyasida bergan va’dalarini ijro etishga kirishishini bir necha bor ta’kidlagan. Trampning birinchi kunlik rejalari orasida immigratsiya va milliy xavfsizlik masalalari asosiy o‘rinni egallaydi.
Immigratsiya masalalari va ommaviy deportatsiyalar
Trampning qayta saylanish kampaniyasidagi asosiy mavzulardan biri – immigratsiya tizimini keskin o‘zgartirish bo‘ldi. U prezidentlikning birinchi kunidayoq «Amerika tarixidagi eng yirik ommaviy deportatsiya dasturi»ni ishga tushirishni va’da qilgan. Unga ko‘ra, noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan chiqarish uchun «milliy favqulodda holat» e’lon qilinadi va harbiy resurslardan foydalaniladi. Tramp bu harakatlar orqali mamlakatdagi 11 millionga yaqin hujjatsiz muhojirlar sonini kamaytirishni maqsad qilgan.
Biroq ushbu rejani qanday amalga oshirish va moliyalashtirish masalalari hozircha ochiqlanmagan. Shuningdek, deportatsiya kimlarga qaratilishi aniq emas. Ayrim kuzatuvchilar Tramp barcha hujjatsiz muhojirlarni nishonga oladi degan fikrda, boshqalar esa uning e’tibori faqat jinoyatda ayblangan shaxslar bilan cheklanishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Musulmonlar taqiqi va sayohat cheklovlari
Tramp o‘zining ilk prezidentlik davridagi «Musulmonlar taqiqi» nomi bilan mashhur bo‘lgan farmonni qayta tiklashni rejalashtirgan. Ushbu farmon Suriya, Liviya, Yaman va boshqa musulmon aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi davlatlardan kelayotgan shaxslarning AQShga kirishini cheklagan edi. Tramp bu taqiqni «milliy xavfsizlikni ta’minlash» uchun qayta joriy etishni istayotganini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, u terrorizmga aloqador hududlardan keluvchi qochoqlarni qabul qilishni to‘xtatishni ham maqsad qilgan.
«Biz sayohat taqiqini qayta tiklaymiz va G‘azo sektori kabi hududlardan keladigan odamlarni qabul qilishni taqiqlaymiz», — dedi Tramp o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishida. U ushbu choralarni terrorchilik harakatlarini oldini olishga qaratilganini qayd etgan.
Fuqarolikni cheklash bo‘yicha yangi qoidalar
Tramp o‘zining ikkinchi muddatining birinchi kunida yangi farmon qabul qilib, AQSh hududida tug‘ilgan, ammo ota-onalari noqonuniy muhojir bo‘lgan bolalarga avtomatik ravishda fuqarolik berishni bekor qilishni rejalashtirgan. Ushbu choralar Trampning immigratsiya siyosatining yana bir qismi bo‘lib, «fuqarolik faqat qonuniy asosga ega bo‘lishi kerak», degan tamoyilga asoslangan.
Konstitutsiyaning o‘n to‘rtinchi tuzatishiga ko‘ra, AQShda tug‘ilgan har bir shaxs fuqarolik huquqiga ega bo‘ladi. Tramp esa bu qoidani qayta talqin qilish orqali noqonuniy muhojirlarning farzandlariga fuqarolik berilishini cheklashga harakat qilmoqchi.
Trampning ikkinchi muddatidagi asosiy strategiya
Donald Tramp qasamyod qabul qilish marosimi bilan ikkinchi prezidentlik muddatini rasman boshladi. U Oq uyga qayta kirishi bilan birinchi kuniyoq bir nechta ijro farmoyishlarini imzolashni rejalashtirmoqda.
Trampning tarafdorlari uning ushbu choralarini olqishlamoqda, ammo tanqidchilar ushbu rejalarning qonuniyligi va amalga oshirish imkoniyatlari borasida savollarni ko‘tarishmoqda. Trampning ikkinchi muddatining dastlabki kunlaridagi faoliyati uning siyosiy strategiyasi va prezidentlikka bo‘lgan yondashuvini aniqlab beradi.
Oq uyga qaytganidan keyin Trampning qanday siyosiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. U amalga oshirishga va’da bergan chora-tadbirlar nafaqat AQSh ichida, balki xalqaro maydonda ham muhim o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Donald Tramp AQShning 47-prezidenti sifatida qasamyod qilgani haqida xabar bergan edi.