«Farovonlikka erishgan eng namunali oila» tanlovi o‘tkaziladi
O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish va farovonlikni oshirish maqsadida «Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu dastur orqali mahallalardagi kambag‘al oilalarning ishlash ishtiyoqi va tashabbuskorligini oshirishga erishiladi.
Dasturda «Farovon hayotga ilk qadam» va «Ishonch» loyihalari amalga oshiriladi. Shuningdek, mehnat orqali kambag‘allikdan chiqishga erishgan oilalarning ijobiy tajribalari ommalashtiriladi, mahallalarda «Farovonlikka erishgan eng namunali oila» tanlovlari o‘tkaziladi.
1024 ta og‘ir ahvoldagi mahallaga obro‘li shaxslar – olimlar, yozuvchi-shoirlar, san’at arboblari va oqsoqollar «ma’naviy koʻmakchi» sifatida biriktiriladi. Mahalla yettiligiga a’zolar va kambag‘al oilalar vakillari maxsus o‘qitiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq og‘ir ahvoldagi mahallalarda quyosh fotoelektr stansiyalari barpo etilishi haqida yozgan edik.