Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi vazirligi kartoshka narxi oshishi bo‘yicha xabarlarga izoh berdi

O‘zbekiston aholisi uchun yillik kartoshka talabi 4 million tonnani tashkil qiladi
Foto: Viktor108 / www.depositphotos.com

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani va bu O‘zbekistonda kartoshka narxining oshishiga olib kelishi haqida xabarlar tarqalmoqda. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu ma’lumotlarga munosabat bildirib, mamlakatda kartoshka yetkazib berish va narxlarni barqaror ushlab turish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston aholisi uchun yillik kartoshka talabi 4 million tonnani tashkil qiladi. 2024-yilda mamlakatda 3,7 million tonna kartoshka yetishtirildi. Bu hajmning asosiy qismi ichki iste’mol uchun yo‘naltirilib, yetishmovchilikning oldini olish uchun 703 ming tonna kartoshka import qilindi.

Qozog‘iston kartoshka eksportiga qisman cheklov qo‘ygan bo‘lsa-da, mamlakatga kartoshka yetkazib berish bir nechta manbalardan amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Pokiston, Eron, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan ham mahsulot import qilishni yo‘lga qo‘ygan.

Narx barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar:

  • Tayyorlov korxonalari tomonidan zaxiralangan 239,2 ming tonna kartoshka ichki bozorga har 10 kunda 15 – 25 ming tonna hajmda yetkazib beriladi.
  • Pokiston va Erondan 2025-yil yanvar – may oylarida jami 200 ming tonna kartoshka olib kelinadi.
  • Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan kartoshka hosili mart-aprel oylarida bozorga chiqariladi, shu jumladan, fevral oyida ekilgan kartoshka may oyida 450 ming tonna hajmda taqdim etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda kartoshka ta’minoti bo‘yicha hech qanday muammo yo‘qligini va narxlarni barqaror ushlab turish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ta’kidlab, aholiga asossiz xabarlarga ishonmaslikni so‘radi. Jurnalistlar va blogerlardan esa faqat ishonchli manbalarga tayanishlari so‘ralmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan in-vitro usulida yaratilgan ko‘chatlarga subsidiyalar ajratilishi haqida xabar bergan edi.