Yangiliklar

Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi quriladi

Yaponiya bilan hamkorlikda

Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanaka boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tashrif davomida ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.

Mirziyoyev JICA bilan hamkorlikning yangi bosqichini boshlashini ta’kidladi va agentlikning Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdagi strategik o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Hozirda energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi sohalarda $8 mlrddan ziyod qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

JICA orqali 2,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassis Yaponiyada o‘qish va amaliyot o‘tashgan.

Shuningdek, Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurish va jihozlash bo‘yicha bitim imzolandi. Yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish va ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish rejalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya uchta tibbiyot markazi uchun $215 minglik grant ajratgan edi.