2024-yilda Xitoyning BYD kompaniyasi birinchi marta Tesla’ni ortda qoldirib, elektr transport vositalari bozorida yetakchiga aylandi. BYD yil davomida 1,78 million dona elektromobil ishlab chiqarib, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarishni 11,85 foizga oshirdi. Tesla esa 1,77 million dona avtomobil ishlab chiqarib, raqobatchisidan biroz ortda qoldi. Bu haqda ithome nashri xabar berdi.
BYD kompaniyasining elektr transport vositalarining umumiy savdosi 1,76 million donaga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,08 foizga o‘sdi. Kompaniyaning umumiy avtomobil savdosi esa 2,5 million donani tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 72,83 foizga ko‘proqdir.
Tesla esa yil davomida jami 1,79 million dona avtomobil yetkazib berdi, ammo BYD bilan raqobatlashishda bu yutuq yetarli bo‘lmadi.
Shu bilan birga, BYD kompaniyasining AQSh bozoridagi imkoniyatlari cheklangan. Bayden ma’muriyati Xitoy elektromobillari importiga yuqori tariflar joriy qildi va Xitoy texnologiyasi bilan ishlab chiqarilgan avtomobillarni AQSh bozoridan cheklashga intilmoqda. Bu holat BYD’ni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Amerika kabi mintaqalarga e’tibor qaratishga majbur qildi, bu bozorlarda kompaniya ulkan o‘sish salohiyatiga ega.
Tahlilchilar Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar bilan raqobatlasha oladigan, arzon va raqobatbardosh avtomobillarning hozircha AQSh bozorida mavjud emasligini ta’kidlashmoqda. Shu sababli BYD kabi kompaniyalar global bozorda pozitsiyalarini mustahkamlashda davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD Han L flagmani taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.