Avto

Cadillac eng arzon elektr krossoveri Optiq’ni yetkazib berishni boshladi

Avtomobilning boshlang‘ich narxi $54,3 ming
Foto: Cadillac

Cadillac kompaniyasi o‘zining 2025-yilgi eng arzon elektr modeli – Optiq krossoverini mijozlarga yetkazib bera boshladi. Bu haqda Gmauthority nashri ma’lum qildi.

Bu model Lyriq, Vistiq va Escalade IQ kabi premium avtomobillar qatorida narxi jihatidan eng hamyonbop hisoblanadi. Optiqning boshlang‘ich narxi $54,3 ming bo‘lib, bir zaryadda taxminan 480 km masofani bosib o‘tadi.

Optiq to‘rtta trim darajasida taqdim etiladi: Luxury 1 ($54,3 ming), Sport 1 ($54,9 ming), Luxury 2 ($56,6 ming) va Sport 2 ($57 ming). Yuqori darajadagi modellarda eksklyuziv kuzgi kanyon va Phantom Blue interyerlari mavjud bo‘lib, ularning narxi qo‘shimcha $1100ni tashkil etadi. Shuningdek, ikki rangli qora tom variant $600ga taklif etiladi. Rangi uchun Crystal White Tricoat kabi premium opsiyalar ham mavjud, ularning narxi $1225ni tashkil etadi.

Foto: Cadillac

Optiq GM kompaniyasining BEV3 platformasida qurilgan bo‘lib, Ultium batareyalari va ikkita elektr motoridan foydalanadi. Modelning ishlab chiqarilishi Meksikadagi GM zavodida amalga oshiriladi.

Krossover ilg‘or xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Ular orasida avtomatik favqulodda tormozlash, piyodalar va velosipedchilarni himoya qilish tizimi, shuningdek, orqaga harakatda yordam beruvchi texnologiyalar bor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tahoe Rossiya bozorida sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.