Limitdan tashqari ochilgan plastik kartalarning taqdiri nima bo‘ladi

eʼlon qilindi
Hech qaysi bank kartalarni o'zboshimchalik bilan bloklamaydi
Foto: Samsonovs/Depositphotos.com

Oʻzbekiston Markaziy banki 2025-yil 1-yanvardan boshlab bir kishiga rasmiylashtirilishi mumkin boʻlgan bank kartalari sonini cheklash haqida qaror qabul qildi. Yangi qoidalarga koʻra, bir bankda beshtagacha karta ochish mumkin, umumiy hisobda esa bir mijozga butun bank tizimi boʻyicha yigirmatagacha karta olishga ruxsat etiladi. Limitdan tashqari ochilgan plastik kartalarning taqdiri nima bo’ladi? Plastik kartalar banklar tarafdan yopib qo’yiladimi? Shu kabi savollarga Markaziy bankda bo’lib o’tgan media muloqotda Kiberxavfsizlik markazi rahbari Olimjon Tolipov javob berdi.

Media muloqot doirasida aynan ortiqcha ochilgan kartalarning taqdiri yuzasidan bir nechta savollar berildi.

«Biz banklarda jismoniy shaxslarning plastik karta ochish limitini beshtagacha qilib belgiladik. Limitdan tashqari bank tomonidan taqdim etib bo’lingan kartalar yuzasidan bank karta egasiga telefon qilib bildiradi. Agar karta egasi avval ochib bo’lingan lekin muddati yakunlanmagan plastik kartalarni yopishni istamasa, muddati yakunlanguniga qadar kartalar ish faoliyatida bo’ladi. Hech qaysi bank karta egasining roziligiz limitdan tashqari taqdim etib bo’lingan kartalarni o’zboshimchalik bilan bloklamaydi. Biroq ortiqcha kartaga ega bo’lgan shaxslar o’sha bankdan qayta yangi plastik kartalarni rasmiylashtira olmaydi»- deydi Olimjon Tolipov.

Bank kartalari qachon yopiladi?

Ammo fuqaroning bank kartasi shubhali (frod) operatsiyalarda yoki firibgarlik sxemalarida ishtirok etganligi aniqlangan taqdirda ushbu bank kartalariga nisbatan antifrod tizimlari doirasida choralar ko‘riladi (karta yopilishi mumkin) hamda bu haqda karta egalariga xabar beriladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlari sezilarli darajada ortgan. Firibgarlik holatlariga qarshi kurashda mobil qurilmalar orqali bank ilovalaridan foydalanishga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Xususan, «Ro‘yxatdan o‘tish» va «Boshqa qurilmadan kirish» kabi funksiyalar faqat O‘zbekiston hududida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar bank kartalari orqali tranzaksiyalarni amalga oshirishda vaqtinchalik cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Shuningdek, banklar shubhali operatsiyalar qayd etilgan holatlarda bank kartalari va mobil ilovalardagi hisoblarni uch kungacha muzlatib qo‘yish huquqiga ega bo‘ldi. 2024-yilda ushbu choralarning natijasida 9,5 mlrd so‘mlik noqonuniy mablag‘lar bloklangan.

Firibgarlikning yana bir ko‘rinishi fuqarolar nomiga noqonuniy ravishda onlayn kreditlarni rasmiylashtirishdir. Buni oldini olish maqsadida 2024-yil 1-noyabrdan boshlab kredit olish uchun biometriya asosida identifikatsiya qilish va kreditni qo‘shimcha tasdiqlash tizimi joriy etildi.

Plastik kartalar sonini cheklash: Foyda yoki zarar?

Avvalroq Kursiv Uzbekistan har bir shaxs uchun plastik kartalar sonini cheklash foyda keltiradimi yoki yo’qligi haqida ekspertlar fikrlari bilan qiziqib ko’rgan edi. Mazkur tashabbus oʻtgan yilning noyabr oyida e’lon qilingan edi. Regulyatorning fikricha, bu kabi choralar firibgarlikka qarshi kurashda samarali boʻlishi mumkin. Bir jismoniy shaxs nomiga koʻp miqdorda kartalar rasmiylashtirilganda, firibgarlik harakatlarida ishtirok etish holatlari aniqlangan.

«Plastik kartalar bilan bogʻliq firibgarliklar bank tizimiga boʻlgan ishonchni yoʻqotishga olib kelishi mumkin. Biz fuqarolarimizni bundan himoya qilish haqida jiddiy oʻylashimiz kerak» – deb o’z fikrlarini bildirgan edi Universal bank kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchaev.

Anvar Irchayev bu cheklovga nisbatan aksariyat odamlarga ta’sir qilmasligi, bir bankda 5 ta karta umumiy hisobda 20 ta kartaga ega bo’lish holati kam uchrashini qo’shimcha qilgan edi.

Shuningdek