Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlari tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish va ta’lim jarayonlarini sifatli qilish uchun bir qator chora-tadbirlar belgilangan. O‘tgan yili bakalavriat ta’lim dasturlari 1 200 dan ortiq xorijiy andozalarga moslashtirilgan bo‘lib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atrof-muhit muhandisligi va biotizimlar muhandisligi kabi sohalar ochildi.
2025-yil ham oliy ta’lim tizimi yanada takomillashtiriladi: mingdan ortiq ta’lim dasturi «TOP-300» universitet dasturlari asosida yangilanadi, 45 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Shuningdek, prezident tomonidan 40 ta oliygohda Registrator ofisi tashkil qilinishi va talabalarga raqamli tizim orqali xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, dual ta’lim tizimi asosida 50 ming talaba jalb qilish kabi vazifalar belgilangan. Endilikda ilmiy salohiyatni 55 foizga oshirish, xorijda 5 ming nafar pedagog malakasini oshirish rejalashtirilgan. Ilg‘or muhandislik maktablarining soni 25 taga yetkazilib, sanoat korxonalari bilan hamkorlikda loyihalar qiymatini 10 barobar oshirish maqsadi qo‘yilgan.
Oliy ta’lim tizimida iqtidorli talabalarni davlat granti asosida qabul qilish, ilmiy daraja va unvonlar olish tartibini takomillashtirish, doktorantura kvotasini iqtisodiyotning drayver sohalariga mos ravishda taqsimlash vazifalari belgilangan.
Bundan tashqari, yoshlar tarbiyasida axloq va sport muhim o‘rin tutadi, shuningdek, «Besh tashabbus», «Ma’rifat ulashib», «Talabalar sport ligasi», «Zakovat» kabi ma’naviy va sport loyihalari orqali yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangan texnika universitetlarini tashkil etish loyihalari taqdim etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazini qurilishi haqida yozgan edik.