O‘zbekistonda islomiy moliya to‘g‘risidagi qonun qaysi bosqichda
«O‘zbekistonda islom banki faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasida yakunlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori o‘rinbosari Alautdin Arifxonov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
«Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan bo‘lib, hozirda islomiy moliya sohasidagi vazirliklar va ekspertlar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Hujjat yakunlangach, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, keyin esa Senatga kiritiladi», — dedi Arifxonov.
Unga ko‘ra, qonun Islom taraqqiyot bankining grant yordami asosida ishlab chiqilgan. Mazkur qonunning qabul qilinishining ahamiyati banklarning islom banki faoliyatini amalga oshirishi uchun huquqiy asos yaratilgani bilan izohlanadi.
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmasdan turib, banklar islom moliyasi tamoyillari asosida faoliyat yurita olmaydi. Fuqarolik va Soliq kodekslariga, «Markaziy bank toʻgʻrisida»gi qonunga va boshqa meʼyoriy hujjatlarga ham oʻzgartirishlar kiritish zarur”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Kursiv Uzbekistan avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki Islom moliyaviy xizmatlar kengashiga (IFSB) a’zo bo‘lgani haqida xabar bergan edi.