Mazkaziy bank asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Markaziy bank 2025-yilning birinchi choragida inflyatsiya darajasini barqarorlashtirish va 5 foizlik targetga erishish maqsadida asosiy stavkani oʻzgarishsiz qoldirdi.
2024-yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya 9,8 foizni tashkil etdi va yil davomida pastlashish trendi kuzatildi. Bazaviy inflyatsiya dekabr oyida 7,2 foizgacha tezlashgani yalpi talabning oʻsishi bilan bogʻliq. Kelgusi choraklarda energiya narxlarining erkinlashtirilishiga bogʻliq ta’sirlar kamayishi kutilyapti.
2025-yil yakuniga borib umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilayapti. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot oʻsishi 6 foiz darajasida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Markaziy bankning fikricha, qat’iy pul-kredit siyosati inflyatsion kutilmalarni pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash uchun yetarli. Kelgusi choraklarda narxlarga bosim kuchaygan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta koʻrib chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yil 31-oktabr kunida ham asosiy stavka yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergan edi.