Yangiliklar

Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy xizmat sifati oshiriladi

Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan
Foto: pressmaster / www.depositphotos.com

Prezidentning 2025-yil 22-yanvardagi qaroriga binoan Germaniyaning KfW banki bilan hamkorlikda «Orolbo‘yi mintaqasida tibbiy xizmat sifatini oshirish» loyihasini amalga oshirish choralari belgilandi. Ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Loyiha doirasida muhim texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar tasdiqlandi. Shu bilan birga, KfW bankining qarzlarini qaytarish va foizlarni to‘lash prognoz jadvali ishlab chiqildi. Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududlaridagi tibbiyot muassasalari uchun zarur bo‘lgan tibbiy jihozlar va maxsus avtotransport vositalari taqsimoti ham aniqlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu loyihani amalga oshirish va grantlardan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha mas’ul ijrochi organ sifatida belgilandi. Shuningdek, loyiha doirasida tuzilgan shartnomalar asosida yuklarni qabul qilish «Xaridlar markazi» davlat muassasasiga topshirildi. Loyiha huquqiy jihatdan Adliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi, ya’ni O‘zbekiston va KfW banki o‘rtasidagi qarz hamda grant bitimlari bo‘yicha yuridik xulosalar tayyorlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar roʻyxati tasdiqlangani haqida xabar bergan edi.