22-yanvar kuni Chinorkentda yangi temir yoʻl bekati faoliyatini boshladi. Bu haqda «Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli» matbuot xizmati xabar berdi.
Bekat Xoʻjakentdan shahar atrofidagi qatnovlarni yaxshilash maqsadida qurilgan. Loyihaga koʻra, uzunligi 1,5 kilometr boʻlgan bir izli temir yoʻl tarmogʻi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, yangi bekatda uzunligi 150 metr boʻlgan soyabonli perron, yoʻlovchilar uchun yer osti oʻtish yoʻlagi, imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun sirpanishga qarshi plitalar oʻrnatilgan.
Eslatib oʻtamiz, 3-dekabrdan tezyurar elektropoyezd Toshkent – Xojikent – Toshkent yoʻnalishida qatnovni boshladi. Chipta narxi umumiy 20 ming soʻmni, bolalar uchun esa 11,5 ming soʻmni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 20-yanvardan Urganch – Qoʻngʻirot yoʻnalishi boʻyicha yangi poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergan edi.