Uy-joy dasturlariga 2025-yilda 27,8 trillion so‘m ajratiladi
2025-yilda O‘zbekistonda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga davlat budjetidan 15,5 trillion so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, banklar bu maqsadlar uchun yana 10 trillion so‘m yo‘naltirishni rejalashtirgan. Shuningdek, «Ipoteka kompaniyasi» 2,3 trillion so‘mlik resursni ushbu dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltiradi.
Mutasaddilarga yil davomida kamida 70 mingta xonadon uchun ipoteka kreditlarini ajratish vazifasi qo‘yildi. Shundan 30 ming xonadon uchun kreditning boshlang‘ich badalini davlat budjeti hisobidan subsidiya to‘lash orqali daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga taqdim etish belgilangan.
Sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi uy-joy sotib olgan shaxslarga o‘zlari to‘lagan mablag‘ning bir qismini keshbek tarzida qaytarish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan migrantlarga ham ipoteka kreditlari berilishi haqida xabar bergan edi.