Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, muloqotda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Prezident Koshtani Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan samimiy tabriklab, unga muvaffaqiyatlar tiladi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. 2024-yilda ikki tomon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli esa 30 milliard yevrogacha yetdi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimining tez imzolanishi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Muloqotda 2025-yil aprel oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammitiga tayyorgarlik ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Trampni Oʻzbekistonga taklif qilgan edi.