Senat 200 mln so‘mgacha omonatlarni kafolatlash bo‘yicha qonunni ma‘qulladi
Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida «Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan maʼqullandi. Qonunga muvofiq, agar bank tugatilsa, bir omonatchiga har bir bankdagi kafolatlangan omonatlar qoldig‘i 200 million so‘mgacha bo‘lsa, to‘liq miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.
Kompensatsiya to‘lovining muddati esa bosqichma-bosqich qisqartiriladi:
2027-yil 1-yanvardan – 7 ish kuni;
2025-yil 1-yanvardan – 20 ish kuni;
2026-yil 1-yanvardan – 15 ish kuni.
Qonunda banklardagi omonatlarning kafolatlanishi bilan bog‘liq tushunchalar, jumladan, kafolatlash hodisasi, kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash tartiblari belgilangan. Shuningdek, omonatlarni kafolatlash sohasidagi vakolatli organ sifatida Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, vazifalari va huquqlari aniqlab berildi.
Shuningdek, bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilarning mablag‘larini qoplash bo‘yicha mas’uliyat Omonatlarni kafolatlash agentligiga yuklatiladi. Shu orqali omonatchilarning bankdan talab qilish huquqi agentlikka o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bu masalada ekspertlarning xulosalarini taqdim etgan edi.
«Bu limitning asosiy maqsadi – moliyaviy xatarlarni boshqarishdir. U omonatchilarni oʻz mablagʻlarini turli banklar oʻrtasida taqsimlashga undaydi. Bu esa bir bank bankrot boʻlgan taqdirda yoʻqotish xatarini kamaytiradi va O‘zbekiston moliya tizimida barqaror va diversifikatsiyalangan depozit bozoriga xizmat qiladi», – dedi Kap Depo investitsiya kompaniyasining katta tahlilchisi Shodibek Kenjayev.