Gadjetlar

Galaxy S24 uchun Android 15 versiyasining chiqishi kechikmoqda

Foto: Samsung

Samsung Galaxy S24 va undan eski avlod flagmanlari egalari fevral oxiri yoki mart oyining boshigacha Android 15 va One UI 7 interfeysining paydo boʻlishini kutishlari kerak boʻladi. Bu haqda Forbes manbalarga tayanib, xabar berdi.

Hozircha Android 15 asosidagi yangi tizimni faqat Galaxy S25 egalari baholay oladi. Eski modellardan foydalanuvchilar kompaniya flagman seriyasining soʻnggi bir necha avlodlari uchun yangilanishni darhol chiqarishini kutgan edi. Ammo bu sodir boʻlmadi.

Ba’zi kuzatuvchilar kechikishni yangilikning afzalliklarini ta’kidlash va One UI 7’ni 25-avlod uchun eksklyuziv qilishga urinishi deb hisoblamoqda. Boshqalarning fikricha, kompaniya Android 15ʼni eski modellar uchun moslashtirishga ulgurmagan.

Samsung smartfonlarining koʻplab egalari bunday kechikishdan hafsalasi pir boʻldi. Pixel egalari yangi operatsion tizimdan 2024-yil oktabr oyidan buyon foydalanmoqda. Samsungʼdan barqaror qobiq noyabr oyi oxiri yoki dekabr oyi boshida kutilardi.

Android 15 maxfiylik va xavfsizlik masalalarida oldinga katta qadam tashladi. Yangi operatsion tizim ilovalarning shubhali faolligini yaxshiroq kuzatishga qodir.

Tizim real vaqt rejimida tahdidlarni tezroq topishi mumkin. Bundan tashqari, Androidʼning 15-versiyasi ovozni tanib olish kabi tobora ommalashib borayotgan sun’iy intellekt funksiyalariga moslashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 Ultra smartfoni rasmiy taqdimotdan bir necha kun oldin namoyish etilgani haqida xabar bergan edi.