23-yanvar kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi yangi qonun tasdiqlandi. 6 bob va 37 moddadan iborat ushbu hujjat Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida ishlab chiqilgan bo‘lib, xalqaro standartlar va JST talablariga mos keladi, deb xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
Qonunda investorlarni himoya qilish, ularning bozorga kirishini osonlashtirish va ortiqcha cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha yangi mexanizmlar belgilandi. Endi xorijiy investorlarga yerdan foydalanish huquqi 25 yildan 49 yilgacha uzaytiriladi, investitsiya ulushi bo‘yicha talab esa 15 foizdan 10 foizgacha pasaytirildi.
Investitsiya loyihalari hajmiga qarab tasniflandi: kichik ($3 mlngacha), o‘rta ($10 mlngacha), yirik ($100 mlngacha) va strategik loyihalar ($100 mlndan yuqori). Qonunda investorlarning faoliyati «Yagona darcha» tamoyili asosida boshqarilishi, barcha jarayonlarning shaffofligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Qonun xalqaro talablarga mos ravishda «Salini» va RBC tamoyillarini o‘z ichiga oladi. Investorlar uchun bozorga kirish kafolatlari va davlat bilan munosabatlarni tartibga soluvchi yangi mexanizmlar joriy qilinadi. Shuningdek, investitsiya faoliyatini nazorat qilishni cheklash va xavfsizlikni oshirish uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilangan.
Yangi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Bu qonun mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi maqsadlariga erishishga qaratilgan muhim qadamdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlardan foydalanish kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.