Amerikaning OpenAI kompaniyasi o‘zining sun’iy intellekt (SI) yordamchisi Operator’ning birinchi versiyasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, xizmat foydalanuvchi uchun asosiy vazifalarni bajaradi. Masalan, Operator mahsulotlarni buyurtma qilish, xatlarni yozish va blankalarni to‘ldirish kabi ishlarni bajarishi mumkin. Biroq ba’zi vazifalar tugallanishidan oldin, yordamchi foydalanuvchidan tasdiqlashni talab qiladi. Foydalanuvchi har doim boshqaruvni o‘z qo‘liga olish imkoniyatiga ega.
Hozirda Operator faqat ChatGPT Pro obunachilari uchun AQShda sinov rejimida ishlamoqda. Xizmatning boshqa mamlakatlarda qachon ochilishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Stargate sun’iy intellekt kompaniyasi tashkil etilishini e’lon qilgan edi.