Tailand sayyohlar uchun mamlakatga kirish qoidalarini o‘zgartirmoqda
Endi Tailandga kirayotgan barcha xorijiy fuqarolar uchun TM6 migratsiya formasining onlayn versiyasini to‘ldirish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Bangkok Post nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu hujjat apreldan boshlab to‘xtatilgan qog‘oz shaklidagi formaning o‘rnini bosadi.
Mamlakat Turizm va sport vazirligining ma’lum qilishicha, onlayn forma bepul bo‘lib, kirish usulidan qat’iy nazar barcha sayohatchilar uchun majburiy bo‘ladi. Yangi tizim kirishni soddalashtirish, sayohatchilarning xavfsizligini ta’minlash va ularning mamlakatdagi qolishiga nazoratni oshirishga yordam beradi.
TM6 tizimini joriy etish Tailandda 300 baht yoki 115,6 ming so‘m miqdoridagi turizm yig‘imini kiritishni kechiktirishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 5-iyuldan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejimni rasman joriy qilgan.