O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shma kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga kelishib oldi
Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov O‘zbekiston va Qirg‘iziston qo‘shma kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga kelishib oldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
25-yanvar kuni Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» kurort majmuasida Qirg‘iziston prezidenti bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Ikki davlat rahbarlari kelgusi hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Prezident Sadir Japarov «Amirsoy» tog‘-chang‘i majmuasida yaratilgan sharoitlarni, uning jahonning yuksak standartlariga mos zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi.
Muhokamalar davomida tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘izistonning noyob geolandshafti va xilma-xil tabiatini inobatga olgan holda, qo‘shma kurort-rekreatsiya markazlarini tashkil etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘zbeklar, asosan, Qirg‘izistonga turistik safar qilayotganlari haqida xabar bergan edi.