Yangiliklar

Xaynanda tijorat kosmodromining yangi bosqichi qurilishi boshlandi

Ushbu loyiha suyuq yoqilg‘ida ishlaydigan raketalarni uchirishga mo‘ljallangan ikkita yangi uchirish maydonchasini yaratishni o‘z ichiga oladi
Foto: DALL-E sun’iy intellekti

Xitoy janubidagi Xaynan orolida tijorat kosmodromining ikkinchi bosqichi qurilish ishlari boshlandi. Ushbu loyiha suyuq yoqilg‘ida ishlaydigan raketalarni uchirishga mo‘ljallangan ikkita yangi uchirish maydonchasini yaratishni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Sinhua agentligi malum qildi.

Kosmodromni boshqaruvchi Hainan International Commercial Aerospace Launch (HICAL) ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish ishlari Venchang qirg‘oq chizig‘ida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 133 gektardan oshadi. Ushbu bosqich nafaqat uchirish maydonchalari, balki yonilg‘i quyish tizimi, gaz ta’minoti tizimi, tijorat koinot parvozlarini boshqarish markazi, raketalarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish uchun inshootlarni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, kuzatuv, telemetriya va boshqaruv stansiyalari qurilishi ham rejalashtirilgan.

HICAL vakillari ikkinchi bosqich qurilishi kosmodromning uchirish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi va Xitoyning tijorat kosmik sanoatini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab beradi, deb ta’kidladi. Bu nafaqat ichki talabni qondiradi, balki Xaynan provinsiyasida innovatsion tijorat kosmik sanoat klasterini yaratishga ham xizmat qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan astronomlar rekord orbitaga ega noyob qo‘sh yulduz tizimini topganlari haqida xabar bergan edi.