Buxoroda yangi texnika universiteti tashkil etiladi
O‘zbekiston prezidenti tomonidan Buxoro davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu universitet Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti negizida tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi ta’lim muassasasi muhandislik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat texnologiyalari, yengil sanoat, neft va gaz, yashil energetika, arxitektura va qurilish, transport va logistika, agrotexnologiya, axborot texnologiyalari va dasturlash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratiladi. Bu jarayon hududning kadrlar bo‘yicha ehtiyojiga moslashtirilgan holda olib boriladi.
Universitetda neft va gaz muhandisligi sohasiga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab universitetda xalqaro tajribalar asosida talabalarning o‘zlashtirishi va professor-o‘qituvchilarning faoliyati samaradorligini baholash tizimi joriy etiladi. Shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari va doktorantlari yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.
Universitetga yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlar sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab Buxoro davlat texnika universitetiga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi. Bu esa universitetni yanada mustahkam rivojlanishiga va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga imkon beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.