«Dovud ota» postidan Qozogʻistonga oʻtish va qaytish 1-fevraldan uch oyga toʻxtatiladi
«Dovud ota» postidan Qozogʻistonga oʻtish va qaytish 1-fevraldan uch oyga toʻxtatiladi. Bu haqda Bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, chegara oʻtkazish punkti orqali shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati vaqtincha toʻxtatiladi.
Mazkur cheklovlar chegara oʻtkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Qozogʻiston Respublikasi tomonidan jismoniy shaxslar va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.
«Shu sababli ushbu davr mobaynida “Tajen» (Qozogʻiston) – «Dovut ota» (Oʻzbekiston) chegara oʻtkazish punktlari orqali harakatlanuvchi shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari «Yallama», «Zangiota (Navoiy chegara bojxona posti)», «Oq oltin» va «Malik» oʻtkazish punktlari orqali harakatlanishlarini soʻraymiz», – deyiladi xabarda.
Toʻliq vazni 3,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillarining chegara oʻtkazish punkti orqali harakati uzluksiz davom ettiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirgʻiziston – Xitoy chegarasi 29 – 31-yanvar kunlari vaqtincha yopilishi haqida xabar bergan edi.