Huquqni muhofaza qilish akademiyasida «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligi ochiladi
Bir yillik «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligi huquqni muhofaza qilish akademiyasida ochiladi. Bu haqdagi qaror prezident tomonidan imzolangan.
Ushbu qarorga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab ichki ishlar va huquqni muhofaza qilish sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlash uchun yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar joriy etiladi.
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat darajasida «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» yo‘nalishi tashkil etilib, ushbu yo‘nalishda o‘qish muddati to‘rt yilni tashkil etadi.
Ushbu yangi yo‘nalishlarga iste’dodli nomzodlar uchun bir qator imtiyozlar taqdim etiladi. Xususan, nufuzli xalqaro, mintaqaviy va respublika darajasidagi matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo‘yicha olimpiada sovrindorlari «Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati» yo‘nalishiga yakka tartibda yakuniy suhbat orqali qabul qilinadi. Shuningdek, xalqaro IT-sertifikatga ega bo‘lgan nomzodlar «Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash» magistratura mutaxassisligi tanlovida «informatika va axborot texnologiyalari» fanidan imtihon topshirishdan ozod etiladi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyulgacha Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tarkibida «Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika» fakulteti tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu fakultetda kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi, shuningdek, kriminalistik ekspertiza yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining axborot-ta’lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar va prokuratura organlari xodimlari uchun masofaviy «Raqamli kriminalistika» yo‘nalishida doimiy maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda yangi texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.