Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish muddatini 18-fevralgacha uzaytirdi
Isroil va Livan hukumatlari mamlakatlar oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish rejimini uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
«Bitim (oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisida – tahr.) AQSh kuzatuvida boʻlgan Livan va Isroil oʻrtasida 2025-yil 18-fevralgacha amal qiladi», – deyiladi xabarda.
Shuningdek, unda uch davlat hukumati Livan mahbuslarini ozod qilish boʻyicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirayotgani ta’kidlangan.
Shartnomaga koʻra, Isroil Livanning janubiy qismidan qoʻshinlarini olib chiqishi kerak. «Hizbulloh» harakati kuchlarni Litani daryosining narigi tomoniga koʻchirish majburiyatini oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil va Livan 2024-yil noyabr oyi oxirida oʻt ochishni toʻxtatishga kelishgani haqida xabar bergan edi.